DAVLAT VA JAMIYAT
DAVLAT VA JAMIYAT
 

10 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan mudofaa, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat chegaralarini qo‘riqlash Qo‘mitasi hamda Bojxona qo‘mitasi, "Vatanparvar" tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralarining alohida o‘rnak bo‘lgan bir guruh xodimlarini mukofotlash to‘g‘risida" Farmonini imzoladi.

 
12 yanvar. Poytaxtning "Turkiston" saroyida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan bu yerga qurolli kuchlarimiz vakillari - oddiy soldat va serjantlar, ofitserlar va generallar, ishchilar va xizmatchilar, urush, mehnat va armiya fahriylari, oliy harbiy o‘quv yurti kursantlari, shahar jamoatchilik vakilari va poytaxt mehmonlari yig‘ildilar.

27 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov respublikaning barcha fuqarolari singari referendumda ishtirok etdi. Davlat rahbari Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi referendum o‘tkazish bo‘yicha 648-uchastkada ovoz berdi. Aynan shu yerda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun intervyu berib, Islom Karimov bunday muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlar har qanday davlat va jamiyatni demokratlashtirish uchun xizmat qilishini ta’kiladi.

4 aprel. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2-chaqiriq 8-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Parlament sessiyasi ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sessiyada so‘zga chiqib, mustaqil O‘zbekiston Respublikasining keyingi taraqqiyoti uchun bo‘lib o‘tgan referendumning yuksak ahamiyatini, umumxalq ovoz berish natijalarining amalda joriy etilishi muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

10 aprel. Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha "YUNESKOning tinchlik uchun kurashuvchi Shaharlar mukofoti"ga Buxoro shahri loyiq deb topildi. U Marokashda YUNESKOning Bosh Direktori Koichiro Matsuura tomonidan topshirildi. Mukofotlash tantanasida Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov ishtirok etdi. Bu mukofot ikki yilda bir marta tanlov asosida jahonning besh mintaqasidagi besh shaharga taqdim etiladi. 2000-2001 yil tanlovida 76 shaharning nomzodi ko‘rsatilgan edi.

3 may. 9 mayda umumxalq bayrami - Xotira va Qadrlash kuni, shuningdek 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning 57 yilligini o‘tkazish va urush qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.

30 may. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tashkil etildi.

31 may. Navoiy shahrida Navoiy viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

11 iyun. O‘zbekiston Prezidenti I. Karimov "Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kichik va o‘rta korxonalar rivojini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi" Farmonga imzo qo‘ydi.

3 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi" va "Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi" O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq va mamlakat ijtimoiy hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish sharoitlarida respublika aholisining axborotga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘liq qondirish, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbachilik faoliyatini keng rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot xizmatlarining zamonaviy bozorini shakllantirish maqsadida "Matbuot va axborot sohasidagi boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi.

3 iyul. O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tashkil qilindi.

14 avgust. Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi 2003 yilga Davlat byudjetining loyihasi masalasi bo‘yicha majlis bo‘lib o‘tdi.

29 avgust. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2-chaqiriq 9-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Parlament sessiyasi ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

31 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatag‘on qurbonlarini xotirlash Kuni munosabati bilan "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasidagi tadbirlarda ishtirok etdi.

Erta tongda qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab fotiha o‘qildi.

1 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 11 yilligi munosabati bilan davlat, hukumat va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan tabrik telegrammalari keldi.

3 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi milliy xavfsizlik Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni mamlakat Prezidenti, milliy xavfsizlik Kengashi Raisi Islom Karimov olib bordi.

11 sentyabr. O‘zbekistonda ushbu fojeali voqealar qurbonlarini xotirlash kechasi o‘tkazildi. Kecha AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda mamlakatimiz hukumat a’zolari, diplomatik korpus, mahalliy va xorijiy vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Marosimda AQSH terrorchilarga qarshi boshlagan kurashini O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagani va bu dadil qadam jahon hamjamiyati tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani alohida ta’kidlandi.

24 oktyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida barcha qurolli tuzilmalar, shuningdek tinchlik, kishilar osoyishtaligi va xavfsizligini saqlashga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralarning rahbarlari taklif etilgan majlis bo‘lib o‘tdi. Majlisda mamlakatdagi ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha ilgari qabul qilingan hujjatlar va Prezident qarorlari atroflicha muhokama etildi.

5 dekabr. Konstitutsiya qabul qilinganini bayram qilish arafasida, Oqsaroy qarorgohida qator hamyurtlarimizga yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Prezident marosim qatnashchilari bilan yana bir muhim sananing - xalq, millat, jahonning barcha musulmonlari uchun muqaddas bayram bo‘lgan Ramazon Hayiti arafasida uchrashib turganini mamnuniyat bilan izhor etib, ularni va ular siymosida barcha xalqlarni kishilar qalbiga eng oliyjanob va sof hissiyotlar olib kiruvchi ushbu kun bilan tabrikladi.

5 dekabr. Poytaxtdagi Turkiston saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlis bo‘lib o‘tdi.

10 dekabr. Toshketda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikkinchi chaqiriq o‘ninchi sessiyasi ish boshladi. Parlament sessiyasi ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
                o`zb   рус   eng
Bugun: 25.04.2014
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati