Mustaqillik yilnomasi

O‘zbekistonning shonli 15 mustaqillik yillari davrida Prezident Islom Karimov rahbarligida davlat va millat manfaati yo‘lida sobitqadamlik bilan olib borilgan siyosatni, mamlakatda demokratik va bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq keng islohotlar natijalarini, davlatimizning jahon hamjamiyatida tutgan munosib o‘rnini, ichki va tashqi siyosatda erishgan yutuqlarimizni global kompyuter tarmog‘i - Internet orqali keng targ‘ib qilish maqsadida yaratilgan "Mustaqillik yilnomasi" veb-saytida 1991 yilning 31 avgustidan, ya’ni xalqimiz uchun eng muqaddas ayyomdan, to hozirgi kungacha bo‘lgan voqealar xronologiyasi va faktlar aks ettirilgan.

Bugun biz tarixan qisqa bo‘lgan o‘n besh mustaqillik yillarini g‘urur va iftixor bilan eslaymiz. Chunki, bugun mustabid tuzum iskanjasidan xalos bo‘lib, kim edigu, kim bo‘lganimizni anglab, o‘z qadr-qimmatimiz, qadriyatlarimizni qayta tiklab, iymon-e’tiqodimizga suyanib, yagona xalq va millat bo‘lib, tinch va osoyishta yashamoqdamiz. Chunki ozod O‘zbekiston bugun jahon hamjamiyatida o‘zining munosib maqomiga ega. Aziz ona-yurtimiz kuchli o‘zbek davlati va ochiq demokratik jamiyat qurish yo‘lida olib borayotgan samarali islohotlari bilan, o‘zining mustaqil ichki va tashqi siyosati hamda ezgulik yo‘lidagi keng qamrovli bunyodkorlik ishlari bilan dunyo xalqlarining hurmat-e’tiborini, havasini o‘ziga tortdi.

Ushbu virtual yilnoma bilan tanishar ekansiz, istiqlolning ilk yillarida davlat mustaqilligini ta’minlashda uchragan sinov, muammo va qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganimiz, murakkab kurashlar va iztiroblar bilan osoyishta turmush, tinchlik va xavfsizligimizga tahdid solgan xavf-xatarlarning oldini olganimiz hamda iqtisodni rivojlantirish, jahon xalqlari bilan teng, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz bilan birga mintaqada tinchlikni ta’minlashdagi tashabbus va amaliy ishlarimizning guvohi bo‘lasiz.

"Mustaqillik yilnomasi" veb-sayti asosan to‘rt bo‘limdan - davlat va jamiyat, iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va tashqi siyosat bo‘limlaridan iboratdir. Ushbu veb-saytdan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, davlat madhiyasi, O‘zbekiston Prezidentining tarjimai holi, uning eng so‘nggi asarlaridan namunalar, ko‘plab foto, video va audio materiallar ham o‘rin olgan.

"Mustaqillik yilnomasi" veb-saytini yaratishda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmatining arxiv suratlari, audio va videomateriallaridan keng foydalanilgan.

Ushbu veb-sayt uch tilda, o‘zbek, rus va ingliz tillarida, O‘zbekiston Respublikasi hayotiga oid tegishli ma’lumotlar bilan doimiy ravishda to‘ldirib boriladi.
                o`zb   рус   eng
Bugun: 27.03.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati