Yangiliklar
27.04.2017

Davlatimiz rahbari Jizzax shahridagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda tadbirkorlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.

27.04.2017

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida bo‘ldi.

27.04.2017

Jizzaxda neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Zafarobod tumaniga tashrif buyurdi. Tumanning "Chimqo‘rg‘on" qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi.

Zavodda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy, ekologik va energetik jihatdan samarador texnologiyalar o‘rnatiladi. Ular asosida jahon standartlariga javob beradigan motor va aviatsiya yoqilg‘isi, benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Aviatsiya kerosini ishlab chiqarish miqdorini oshirish havo kemalarimizning parvoz geografiyasini sezilarli darajada kengaytirish, yetakchi xorijiy aviakompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik orqali yo‘lovchi va yuk samolyotlarining tranzit reyslarini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimiz aviatsiya sohasini yanada rivojlantirish imkonini beradi.

27.04.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

26.04.2017

O‘zbekiston Prezidenti AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Leonard Votelni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli va serqirra hamkorlik, jumladan, harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat va ushbu mamlakatda tinchlikka erishish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

26.04.2017

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘luni qabul qildi.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari 2016-yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

22.04.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Respublikasi Prezidenti Toni Tan Keng Yam davlatlaimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20-yilligi munosabati bilan bir-birlariga tabrik yo‘llaganlar.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 27.04.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati