Prezident Hindiston Bosh vazirini tabrikladi
24.01.2012

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri
Manmohan Singh
Janobi Oliylariga


Janobi Oliylari!

Hindiston xalqining milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga o‘zimning samimiy qutlovlarimni va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

Hindiston timsolida biz ko‘p asrlik ishonchli do‘stimizni, dunyo siyosiy-iqtisodiy tizimida o‘zining munosib o‘rni, obro‘ va nufuziga ega bo‘lgan yaqin hamkorimizni ko‘ramiz.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, 2011 yilning may oyida Hindistonga amalga oshirgan tashrifimiz chog‘ida o‘tkazilgan ochiq va samarali muzokaralarimiz, imzolangan qator hujjatlar, avvalambor hamkorligimizga strategik sheriklik darajasi berilgani siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarimiz ko‘lamini yanada kengaytirish uchun muhim asos yaratdi.

Aminmanki, qadimiy tarixga ega bo‘lgan, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlarimiz xalqlarimiz manfaatlari hamda mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida bundan buyon ham izchil rivojlanib boraveradi.

Ushbu fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, do‘st hind xalqiga esa tinchlik-xotirjamlik, ravnaq va farovonlik tilab qolaman.

Ehtirom ila,

Islom KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati