Ishonch yorliqlari topshirildi
04.03.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga 4 mart kuni Oqsaroyda Qozog‘iston Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Boribay Jeksembin, Mehmet Sertach Sunmezay va Chon De Van ishonch yorliqlarini topshirdi.

Davlatimiz rahbari ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, elchilarni sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutladi, yurtimizda boshlayotgan missiyalarida muvaffaqiyat tiladi, shuningdek, O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlari rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Qozog‘iston elchisi bilan suhbat chog‘ida o‘zbek va qozoq xalqlarini umumiy tarix, mushtarak urf-odatlar o‘zaro bog‘lab turishi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi davr talablaridan kelib chiqib, ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama asosda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

- O‘zbekiston tashqi savdosida Qozog‘iston yuqori o‘rinlarda turadi, – dedi Boribay Jeksembin. – Mamlakatlarimiz o‘rtasida nafaqat savdo-sotiq, ayni paytda sarmoyalar almashuvi ham rivojlanmoqda. Qozog‘iston O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati mahsulotlarini, qurilish materiallarini, ko‘plab boshqa turdagi tovarlar va xizmatlarni import qiladi. Qozog‘iston ishbilarmonlari yangi taklif bilan O‘zbekistonga kelish niyatida. Elchi sifatida ana shunday aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi aloqalar savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalarda jadal rivojlanmoqda. Xususan, mamlakatimizning to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida turkiyalik sheriklar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Birgalikda amalga oshirilayotgan ko‘plab qo‘shma loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga, ishbilarmonlarning bevosita aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

- Elchilik faoliyatim davrida bor kuch-g‘ayratimni O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga sarflash niyatidaman, – dedi Mehmet Sertach Sunmezay. – Aminmanki, iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish uchun ikki tomonda ham katta salohiyat mavjud. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish imkoniyati bor.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar bugun o‘zining oliy bosqichiga ko‘tarilgan, deyish mumkin. Prezident Islom Karimovning joriy yil fevral oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi asnosida erishilgan natijalar buni yaqqol tasdiqlaydi. Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoya 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Islom Karimovning Koreya Respublikasiga tashrifi asnosida erishilgan kelishuvlar amaliyotga tatbiq etilgach, bu ko‘rsatkich 5 milliard dollarga yetadi.

Ikki mamlakat siyosiy sohada ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham keng ko‘lamda rivojlanmoqda.

- Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilganini ta’kidlash joiz, – dedi Chon De Van. – Bu hamkorlikning barcha jabhalarida aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z missiyam davrida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor masala sifatida qarayman.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 08.02.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati