“Sasol” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Devid Konstebl va “Petronas” korporatsiyasi prezidenti Dato Shamsul Azhar Abbos
19.09.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19 sentabr kuni Oqsaroyda “Sasol” kompaniyasi (Janubiy Afrika Respublikasi) bosh ijrochi direktori Devid Konstebl va “Petronas” korporatsiyasi (Malayziya) prezidenti Dato Shamsul Azhar Abbosni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda “Sasol” va “Petronas”ga ishonchli sheriklar sifatida qaralishini hamda ushbu kompaniyalar bilan hamkorlik yuksak qadrlanishini ta’kidladi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “Sasol” va “Petronas” kompaniyalari bilan birgalikda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuida ishlab chiqariladigan metan gazidan sintetik suyuq yonilg‘i (GTL) ishlab chiqaradigan zavod qurish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda.

Ushbu loyiha MDH va Yevropada yagona bo‘lib, yuqori texnologiya va innovatsiyalar asosida ekologik toza sintetik suyuq yonilg‘i, avvalo, Yevro-IV, Yevro-V standartlariga mos dizel yoqilg‘isi va aviakerosin ishlab chiqaradigan korxona tashkil etishni nazarda tutadi.

Hamkorlikda tuzilgan “O‘zbekiston GTL” qo‘shma korxonasi ayni paytda asosiy loyihalash fazasini yakuniga yetkazdi va uning negizida dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqildi.

“Sasol” va “Petronas” rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida loyihaning ikkinchi fazasiga, jumladan, to‘liq muhandislik loyihalash ishlari va uskunalarga buyurtma berish bosqichiga o‘tish uchun asos bo‘ladigan qator hujjatlar imzolandi.

Oqsaroydagi uchrashuvda mehmonlar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.

Muloqot chog‘ida qo‘shma loyihalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi, sarmoya va yuqori texnologiyalar sohalarida sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati