Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak (davlat tashrifi)
24.08.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak 24 avgust kuni Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tufayli O‘zbekistonning bosh maydoni nafaqat xalqimiz faxru g‘ururiga xos zamonaviy qiyofa kasb etdi, balki uning yurtimiz hayotidagi ahamiyati ham yuksaldi. Tantanali marosimlar markaziga aylangan Mustaqillik maydoni toshkentliklar va poytaxtimiz mehmonlarining xush ko‘radigan maskanidir.

Koreya Respublikasi Prezidenti xalqimizga hurmat-ehtiromini izhor etib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz, ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Li Myon Bak bu maydon muhtasham binolari, ko‘rkam bog‘lari, go‘zal favvoralari bilan yaxlit ansambl hosil qilganini ta’kidladi. Oliy martabali mehmon bu yerda yaratilgan me’moriy asarlar tabiatning go‘zal in’omlari bilan mohirona uyg‘unlashtirilgani o‘zida katta taassurot qoldirganini alohida qayd etdi.

Shu kuni “O‘zekspomarkaz”da O‘zbekiston-Janubiy Koreya sarmoyaviy hamkorligining eng yirik va istiqbolli loyihasi ijrosi – Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Prezident Islom Karimov ushbu ulkan loyihaning amalga oshirilishi muhim tarixiy voqea ekanini, ayniqsa, qurilish ishlari O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi arafasida boshlanayotgani uning ahamiyatini yanada oshirishini ta’kidladi.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish, import o‘rnini bosuvchi tovarlar hamda yuqori texnologiyali va raqobatbardosh eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Xususan, neft-gaz sohasida nafaqat qazib olish va eksport qilish hajmlarini oshirish, ayni paytda ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga erishildi. Uglevodorod zaxiralarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan majmualarni barpo etishga qaratilgan strategiya natijasida O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan neft va gaz kimyosi sanoati shakllandi va yil sayin rivojlanib bormoqda.

Li Myon Bak Ustyurt gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida amalga oshirilayotgan eng yirik qo‘shma loyiha ekanini, injiniring, uskunalar yetkazib berish, qurilish ishlarida Koreya Respublikasining yirik kompaniyalari ishtirok etayotganini ta’kidladi. Bu o‘zaro ishonch va hamkorlikdan manfaatdorlikning yorqin namunasidir.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushgach, yiliga 400 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqariladi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi bilan Qoraqalpog‘istonda MDHda ushbu sohadagi eng yirik majmua qad rostlaydi. Natijada Qoraqalpog‘iston mamlakatimizning yirik sanoat markazlaridan biriga aylanadi. Ayni paytda O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida ham yangi turdosh ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, shu tariqa yangi ish o‘rinlari sonini yanada ko‘paytirish imkoniyati yuzaga keladi.

“O‘zekspomarkaz”dagi tadbir ishtirokchilari bilan Ustyurtdagi Surg‘il konida qurilish ishlarini boshlash marosimiga yig‘ilgan ishbilarmon doiralar vakillari va mutaxassislar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri videoaloqa o‘rnatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov va Koreya Respublikasi gaz korporatsiyasi prezidenti Chu Kang Su majmua qad rostlaydigan joyga o‘rnatilgan esdalik tamal toshi ustidan pardani tushirdilar.

Unga quyidagi so‘zlar bitilgan: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning tashabbusi bilan 2011 yil 24 avgust kuni Surg‘il koni negizidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi poydevoriga tamal toshi qo‘yildi”.

Koreya Respublikasi Prezidentining tashrifi va mana shu tarixiy voqea O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi nishonlanadigan kunlarga to‘g‘ri kelganida ham chuqur ma’no bor. Bu ikki mamlakatning o‘zaro hamkorlikka mushtarak intilishlarini ko‘rsatish barobarida, xalqlarimizning milliy-ma’naviy qadriyatlariga yuksak hurmat-e’tiborni ham namoyon etadi.

Koreya Respublikasi xalqi o‘tgan asr o‘rtalarida zamona zayli bilan O‘zbekiston hududiga kelib qolgan koreyslarga bu zaminda ko‘rsatilgan mehr-e’tiborni aslo unutmaydi. Ular bugun O‘zbekistonning barcha fuqarolari singari tinch va farovon hayot kechirib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Li Myon Bak o‘z tashrifi asnosida O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub aholi vakillari va koreyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi. Bu tadbir zamirida ham xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmat, mehr va anglashuv mujassamdir.

Li Myon Bak davlat tashrifining yakunlari xususida shuni alohida ta’kidlash kerakki, Ko‘ksaroyda erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar, Surg‘il konida amalga oshirila boshlangan ulkan loyiha – bularning barchasi O‘zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligi strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganidan yaqqol dalolatdir. O‘zaro munosabatlar kelgusida yanada salmoqli ko‘lam kasb etib boraveradi, deyish uchun barcha asoslar yetarli.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati