Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak (davlat tashrifi)
24.08.2011

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak 23 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Tong bokiraligi diyori bilan yurtimizni katta masofa ajratib tursa-da, xalqlarimizni qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. El-yurtga sadoqat, ajdodlar merosi va qadriyatlarini qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, saxovat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, mehnatsevarlik kabi fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlari uchun birdek xosdir.

Ko‘ksaroy qarorgohida Koreya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezident Islom Karimov va Prezident Li Myon Bak shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Davlatlar rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Shundan so‘ng Islom Karimov va Li Myon Bakning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

– Sizning yurtimizga ushbu tashrifingiz O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yilligi va mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganiga 20 yil to‘lishi arafasida amalga oshirilayotgani chuqur ma’noga ega, – dedi Islom Karimov. – Biz Koreya Respublikasini O‘zbekistonning ishonchli hamkori, deb bilamiz. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligining yana bir yorqin dalilidir.

Muzokarada ta’kidlanganidek, bu uchrashuv ko‘p qirrali munosabatlarni yanada jadal rivojlantirish jarayonidagi muhim bosqich, hamkorlikning bugungi holatini har tomonlama tahlil qilish, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish hamda faol rivojlanib borayotgan strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish uchun yaxshi imkoniyatdir.

– O‘zbekistonni o‘zimga eng yaqin, samimiy do‘st mamlakat deb bilaman va yurtingizda mehmon bo‘lish menga har gal alohida mamnuniyat baxsh etadi, – dedi Li Myon Bak. – Oliy darajadagi uchrashuvlarimizning muntazamlik kasb etgani kelgusida hamkorligimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mamlakatlarimiz BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Qayd etilganidek, amalda mamlakatlarimizning global va mintaqaviy ahamiyatga molik barcha dolzarb masalalar bo‘yicha nuqtai nazari va yondashuvlari an’anaviy tarzda o‘xshash va yaqindir. Bu esa xalqaro maydonda bir-birining taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun puxta zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Koreya Respublikasi rahbariyatining “sof rivojlanish” sohasi va ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi siyosatini inobatga olgan holda, 2012 yilda BMTning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha o‘n sakkizinchi konferensiyasi Seul shahrida o‘tkazilishini yoqlaydi.

Ayni paytda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining 2018 yilgi Qishki olimpiya o‘yinlariga mezbon etib Pxyon-chxan shahrini tanlashga oid qarori O‘zbekistonda mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hududga aylangani hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash va birgalikda taraqqiyotga erishishdagi o‘rni va bunga qo‘shayotgan hissasi Koreya Respublikasida yuksak qadrlanadi.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashuv chog‘ida ushbu mamlakatdagi voqealar Afg‘oniston muammosini faqat harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi.

Davlatimiz rahbari Prezident Li Myon Bakning ushbu davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim voqea ekanini, qaror topgan siyosiy muloqot mantiqiy va izchil davom etayotganidan hamda davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlikka yanada kuchli sur’at baxsh etish borasidagi qat’iy azmu shijoatning mushtarakligidan dalolat sifatida baholanishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Koreya Respublikasini shiddat bilan rivojlanib, oldinga intilayotgan, iqtisodiy va insoniy mezonlar bo‘yicha ilg‘or mamlakatlar safida turadigan hamda raqobatbardosh industrial-iqtisodiy, ilmiy-intellektual va yuksak texnologik salohiyatga ega bo‘lgan zamonaviy davlat, deb biladi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, uzoq muddatli hamkorlik yo‘lida bosib o‘tilgan samarali yo‘lga xolisona baho berib, shuni aytish mumkinki, Koreya Respublikasi O‘zbekiston uchun iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishda hamda jahon hamjamiyatiga bosqichma-bosqich integratsiyalashishda mamlakatimizni keng qo‘llab-quvvatlagan, vaqt sinovidan o‘tgan va har jihatdan ishonchli strategik sherikdir.

Bugungi kunda O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari davlatlararo va hukumatlararo darajada, iqtisodiy va tijoriy tuzilmalar, firma va kompaniyalar hamkorligi nuqtai nazaridan, jumladan, gumanitar sohada ham tom ma’noda yetuklik, har tomonlama puxtalik kasb etib, o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda va mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlariga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida muvaffaqiyatli va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik borasida katta tajriba to‘plandi. Koreya Respublikasi mamlakatimizning eng yirik savdo sheriklaridandir. O‘zaro hamkorlik davrida Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyaning umumiy hajmi 5 milliard AQSh dollaridan oshdi, o‘zlashtirilgan, asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2 milliard AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil qiladi.

Janubiy Koreyaning “Neoplant” va “Shindong Enercom” kompaniyalari tarkibida kvars mavjud bo‘lgan xomashyo konlarida qidiruv ishlarini olib bormoqda va yaqin kelajakda texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. “Daewoo International”, “Hain Tex”, “Shindong Enercom” kabi kompaniyalar bilan to‘qimachilik sohasida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. “LG Electronics” kompaniyasi bilan birgalikda Samarqand shahrida muzlatgich ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun Janubiy Koreyadan zamonaviy texnologiyalar jalb qilish ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreya Prezidenti Li Myon Bakning tashrifi doirasida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikka oid g‘oyat muhim loyihaning amaliy ijrosi – Ustyurt gaz-kimyo majmui qurilishi boshlanishini, unga ramziy tamal toshi qo‘yilishini alohida ta’kidladi. Bu majmuani barpo etish ishlariga 2,6 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston neft-gaz, kimyo, tog‘-kon, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika va yengil sanoatga, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish texnologiyalarini joriy qilish sohalariga Janubiy Koreya kompaniyalarining sarmoya va zamonaviy texnologiyalarini yanada keng jalb etishdan manfaatdor.

O‘zbekistonda Navoiy shahrida erkin industrial-iqtisodiy zonasini rivojlantirish hamda qit’alararo logistika markazini barpo etish loyihalarining Janubiy Koreya hukumati va ishbilarmon doiralari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani yuksak qadrlanadi. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasidagi dastlabki mahsulot aynan koreyalik sheriklar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilganida, shubhasiz, chuqur ma’no bor.

Navoiy shahri aeroporti negizidagi qit’alararo intermodal xabni boshqarayotgan “Korean Eyr” aviakompaniyasining faoliyati ham diqqatga sazovordir. Bugungi kunda Seul, Milan, Bryussel, Frankfurt, Bangkok, Mumbay, Istanbul, Dubay kabi yirik shaharlarga haftasiga amalga oshirilayotgan 24 qatnovga qo‘shimcha ravishda Xanoy, Riga, Shanxay va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yuk tashishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Muzokarada tomonlar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy-gumanitar sohalarda serqirra aloqalar qaror topganini ta’kidlab, kelgusida ta’lim, jumladan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) yo‘nalishi bo‘yicha, tibbiyot, sayyohlik, sport sohalarida, shuningdek, talabalar almashuvi va ilmiy-akademik doiralarning munosabatlari kabi sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun barcha qulay shart-sharoitni yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Janubiy Koreya rahbarining tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilayotgan Seul bog‘i xalqlarimiz o‘rtasida yil sayin rivojlanib borayotgan do‘stlik va hamkorlik rishtalarining o‘ziga xos ramzi bo‘lishiga shubha yo‘q. Ham o‘zbek, ham koreys xalqi uchun qadrli bo‘ladigan bu bog‘ O‘zbekiston poytaxtining eng so‘lim go‘shalaridan birida ko‘hna Koreya madaniyati yog‘du taratadigan go‘zal maskan vazifasini o‘taydi.

Ikki mamlakat madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Janubiy Koreyada o‘tadigan xalqaro madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Samarqandda bo‘ladigan navbatdagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga Janubiy Koreyadan ham san’atkorlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari o‘z aksini topgan.

Shuningdek, sanoat va energetika sohasida hamkorlik, injiniring xizmati, uskuna yetkazib berish va qurilishga oid qator hujjatlar imzolandi. Umuman olganda, tashrif doirasida umumiy hisobda yigirmadan ziyod hujjat imzolanishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston-Janubiy Koreya strategik sherikligini ko‘plab sohalarda yangi mazmun bilan boyitish va o‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Li Myon Bak muzokaralar samarali, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini yanada rivojlantirish va samaradorligini tubdan oshirishga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Islom Karimov O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘lida bosib o‘tgan barcha yillar davomida Koreya Respublikasi mamlakatimizning vaqt sinovidan o‘tgan va har jihatdan ishonchli strategik sherigi bo‘lib kelgani va bo‘lib qolishini, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tubdan isloh qilish va chuqur modernizatsiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli milliy dasturlarimizni amalga oshirishda yurtimizni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

Li Myon Bak jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy pasayish kuzatilayotgan bir paytda O‘zbekiston barqaror yuqori iqtisodiy o‘sishga erishayotgani tahsinga sazovor ekanini alohida ta’kidladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanayotganini, muzokaralar chog‘ida kelgusida munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni yakuniga yetkazish borasida birgalikda harakat qilishga kelishib olinganini qayd etdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati