O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 25 avgust kuni Oqsaroyda AQSH Senatining qator nufuzli qo‘mitalari a’zosi, Janubiy Karolina shtatidan saylangan respublikachi-senator Lindsey Grexemni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston AQSH bilan qaror topgan munosabatlarni yuksak qadrlashi va aloqalar istiqboliga katta ishonch bilan qarashini ta’kidladi.
O‘zaro hamkorlikda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy aloqalar muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Muloqot chog‘ida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish muammosi muhokama qilindi. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinch hayotni tiklash ishlarida faol ishtirok etmoqda. Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi mamlakatda siyosiy barqarorlik o‘rnatilishi va aholining bunyodkorlik faoliyatiga jalb qilinishining muhim sharti ekanligi ta’kidlandi.
L.Grexem samimiy qabul uchun, ikki tomonlama munosabatlar va tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashish imkoniyati yaratilgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Senator Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, iqtisodiy tiklash va mavjud dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish masalalari borasida mamlakatlarimizning xalqaro maydonda o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega, degan fikrni qo‘llab-quvvatladi.





RSS