Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi U Bango
22.09.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 sentabr kuni Oqsaroyda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi U Bangoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasiga yirik va ishonchli sherik, qadim tarix va noyob madaniyatga ega bo‘lgan, rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirgani tufayli iqtisodiy salohiyati jihatidan dunyoda haqli ravishda yetakchi o‘rinlardan birini egallagan mamlakat sifatida qaralishini ta’kidladi.

Tomonlar o‘zaro ochiqlik va ishonch bilan yo‘g‘rilgan, 2005 yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma tamoyillari ruhida rivojlanib borayotgan munosabatlarni qadrlaydi. Shu ma’noda ikki davlatning oliy vakillik organlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga alohida ahamiyat beriladi.

Ikki mamlakat xalqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi samarali bo‘lganini, tashrif asnosida yigirmadan ziyod muhim hujjat hamda umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollaridan ortiq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolanganini mamnuniyat bilan qabul qildi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi pog‘onaga, noxomashyo va yuqori texnologik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikni nazarda tutuvchi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlangan edi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarga yondashuvlarning o‘xshash va yaqinligi tomonlarga BMT, SHHT va boshqa nufuzli xalqaro siyosiy va moliyaviy institutlar doirasida samarali hamkorlik qilish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida iqtisodiy sohadagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat berilmoqda. Xususan, tomonlarning mushtarak intilishlari samarasida o‘zaro manfaatli savdo hajmi muttasil oshib bormoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich so‘nggi besh yilda to‘rt barobardan ko‘proq oshdi va 2010 yilda 2 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 350 dan ziyod korxona turli sohalarda faol ish olib bormoqda.

U Bango davlatimiz rahbarini O‘zbekistonda keng nishonlanayotgan qutlug‘ sana – O‘zbekiston davlat mustaqilligining 20 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, puxta o‘ylangan va samarali islohotlar tufayli xalqimiz tarixan qisqa muddatda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ulkan yutuqlarga erishganini qayd etdi. Xitoy uchun O‘zbekiston yaqin sherik ekanini va XXR mamlakatimiz bilan munosabatlarni uzoq muddatli asosda rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni, jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga oid keng ko‘lamli mavzular, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati