Mamlakatimiz g‘allakorlari 7 million tonnaga yaqin yuksak g‘alla xirmoni bunyod etib, yillik shartnoma topshirig‘ini ortig‘i bilan bajardi. Dehqonlarimizning ushbu zafari Vatanimiz mustaqilligining 19 yillik to‘yiga munosib to‘yona bo‘ldi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo’jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, xususan, g’allachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida yer o’z egasini topdi, Vatanimiz g’alla mustaqilligiga erishdi. Bugun zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta o’zlashtirgan dehqon va fermerlarimizning peshona teri, zahmatli mehnati evaziga uyulgan bu xirmon – yurtdoshlarimiz xonadonlaridagi to’kinlik va farovonlik manbaidir.
G’allachilik sohasida qo’lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarimiz, avvalo, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir. Dasturxonimiz ko’rki va barakasi dehqonlarimiz yetishtirgan sara don tufaylidir.
Mamlakatimizda g’alla yetishtirish bo’yicha boy tajriba to’planib, g’alla xirmoni yil sayin yuksalib borayotir. Joriy yilda o’tgan yilga nisbatan 286 ming tonna ko’p don yetishtirilib, sug’oriladigan yerlarda o’rtacha hosildorlik 51 sentnerni tashkil etdi. Nafaqat sug’oriladigan maydonlarda, balki lalmi yerlarda ham hosil har qachongidan yuqori bo’ldi.
O’zbekiston Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, navlarni tanlashda har bir viloyatning o’ziga xos tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, sug’oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtirish agrotexnikasini takomillashtirish g’allaning sifat va iste’mol xususiyatlarini yanada yuksaltirmoqda. Serhosil, kasalliklarga chidamli navlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, olimlarimiz yaratgan serhosil, ertapishar “Chillaki”, “Zamin-1”, “Bobur”, “Do’stlik”, “Andijon-1”, “Andijon-2”, “Andijon-4” kabi o’ndan ziyod istiqbolli nav hosildorlikni yanada oshirish imkonini bermoqda.
Dehqon va fermerlarimizda manfaatdorlik tuyg’usi, daxldorlik hissi kuchayib bormoqda. Bunday yutuqlarning muhim omili fermer xo’jaliklari maydonlarini optimallashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, g’alla navlarini har bir hududning tuproq va iqlim sharoitiga, suv bilan ta’minlanish darajasiga qarab joylashtirish bo’yicha keng ko’lamli ishlarning amalga oshirilgani hamda mineral o’g’itlar, sifatli urug’lik, yonilg’i-moylash materiallarining fermer xo’jaliklariga o’z vaqtida yetkazib berilganidir.
Etishtirilgan g’allaning deyarli barchasi, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, qishloq xo’jaligining tayanchi bo’lmish fermerlar ulushiga to’g’ri keldi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Saidmo’min Suhrob Boymat”, Buxoro viloyati G’ijduvon tumanidagi “Kalon Majid”, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Nishonboyev Olimjon”, Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Dehqonov Qahramon”, Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi “Odilov Qodir” kabi fermer xo’jaliklari har gektar yerdan 70 sentnerdan oshirib don yetishtirdi.
Hali dalalarda hosil mo’l. Bugun qirmizi don bunyodkorlari yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay o’rib olish, maydonlardagi somonni yig’ishtirish va peshma-pesh shudgorlash tadbirlarini amalga oshirmoqda.
O‘zA





RSS