Samimiy qutlovlar
15.11.2010

Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga qator xorijiy mamlakat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomidan samimiy qutlovlar kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!

Muborak Iyd al-Adho munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga Saudiya Arabistoni xalqi, hukumati va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan g‘oyat mamnunman.

Ushbu fazilatli ayyomda Alloh subhonahu va taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, birodar O‘zbekiston xalqiga ravnaq va fayzu baraka, butun islom ummatiga esa farovonlik va osoyishtalik ato etishini so‘rab qolaman.

Kamoli ehtirom ila,
Abdulloh bin Abdulaziz OL SAUD,
Ikki muqaddas masjid xodimi,
Saudiya Arabistoni Podshohi

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Amerika xalqi nomidan kamina va rafiqam Mishel Qurbon hayiti munosabati bilan Sizga va O‘zbekiston xalqiga o‘zimizning eng ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Ishonchim komilki, Qurbon hayiti o‘zida mujassam etgan ruhiy ko‘tarinkilik, ixlos va qurbonlikni insonlar o‘zaro baham ko‘rar ekanlar, mehru muhabbat va beg‘arazlik asosida bashariyatning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni davom ettiradilar.

Sizga va O‘zbekiston xalqiga kelayotgan yilda muvaffaqiyatlar tilayman.

Ehtirom ila,
Barak OBAMA,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

* * *

Shuningdek,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Muhammad Husniy MUBORAK;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid OL NAHAYON;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir AS-SABOH;

Iordaniya Podshohi Abdulloh Ikkinchi bin AL-HUSAYN;

Yaman Respublikasi Prezidenti Ali Abdulloh SOLIH;

Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom ALIYEV;

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli BERDIMUHAMEDOV;

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton NAZARBOYEV;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali RAHMON;

Falastin Milliy Ma’muriyati Raisi, Falastin Ozodlik Tashkiloti Ijroiya Qo‘mitasi Raisi Mahmud ABBOS;

Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, Mudofaa va aviatsiya vaziri, Bosh nazoratchi Sulton bin Abdulaziz OL SAUD;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-Prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi Hokimi Shayx Muhammad bin Roshid OL MAKTUM;

MDH Dinlararo kengashi hamraisi, Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisi Shayx-ul-islom Allohshukur POSHSHOZODA tomonidan yo‘llangan tabriklarda Qodir Allohdan davlatimiz rahbariga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-xotirjamlik, taraqqiyot va farovonlik tilab, ezgu va samimiy istaklar bildirilgan.

Tabriklar kelishi davom etmoqda.

O‘zA

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati