Strategik sherik va ishonchli hamkor
05.02.2011

Dunyoda hayotiy, iqtisodiy mo‘jizalari bilan nom qozongan davlatlar ko‘p emas. Ana shu sanoqli mamlakatlar orasida yetakchilardan biri Yaponiyadir.

Yaponiya bugun oltin-valuta zaxirasi eng ko‘p davlatlardan sanaladi. Dunyoda uning yuksak texnologiyalari yetib bormagan mamlakatni topish qiyin. Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ham eng oldingi o‘rinlardan birida turadi. Xalqi esa vatanparvarligi, milliy an’analarga sadoqati, mehnatkashligi, tadbirkorligi bilan ajralib turadi. Iqtisodchilarning fikricha, endilikda Yaponiya tayyor mahsulot ishlab chiqarishni birmuncha kamaytirib, faqat texnologiyalarni eksport qilishga o‘tmoqda.

O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq Kunchiqar mamlakat bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni va uni izchil rivojlantirishni ustuvor masala etib belgiladi. Yaponiya ham O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi davlat sifatida e’tirof etdi. O‘tgan davr mobaynida ko‘plab oliy darajadagi uchrashuvlar tashkil qilindi, muntazam ravishda turli maqomdagi parlament va hukumat delegatsiyalarining tashriflari amalga oshirildi. Ishbilarmonlar va akademik doiralar o‘rtasida yaqin aloqalar qaror topdi. Pirovardida, O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Kelasi yil O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganiga 20 yil to‘ladi. Shu bois ayni paytda ikki mamlakat ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tashriflarni yanada ko‘paytirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidan bormoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlash maqsadida 2012 yilda qator madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari haqida gap ketganda, avvalo, ikki mamlakatning siyosiy hamjihatligi, ko‘plab xalqaro muammolarga munosabatlari o‘xshash va yaqin ekanini ta’kidlash joiz. O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro maydonda, global ahamiyatga molik masalalarda hamisha bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Xususan, O‘zbekiston Yaponiyaning BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi bo‘lishini yoqlab keladi. Mamlakatlarimiz Afg‘onistondagi tiklanish ishlarida ham faol qatnashmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ham O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Yaponiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi hajmi 2,3 milliard AQSH dollaridan oshdi. Temir yo‘l, neft-gaz, energetika, konchilik, avtomobilsozlik, telekommunikatsiya, to‘qimachilik, elektronika kabi iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida Yaponiya sarmoyasi ishtirokida qator yirik loyihalar amalga oshirildi va bunday hamkorlik jadal davom etmoqda.

Yaponiya bilan ijtimoiy-madaniy aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. Yapon xalqi ikkinchi jahon urushi yillari mamlakatimizga kelib qolgan va bu yerda abadiy qo‘nim topgan hamyurtlariga mehr-muruvvat ko‘rsatilgani hamda ular xotirasiga bag‘ishlab yodgorliklar bunyod etilganini yuksak qadrlaydi. Xususan, yaqinda Tokioda mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning yurtimizda dafn etilgan yaponlar xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish borasidagi sa’y-harakatlari, «yapon asirlari» atamasi o‘rniga «Yaponiya fuqarolari» so‘zlarini qo‘llash to‘g‘risidagi taklifi yuksak hurmat-ehtiromga sazovor ekanini yana bir bor katta mamnuniyat bilan ta’kidladi. Mamlakatimiz rahbarining bag‘rikenglik, insoniylik kabi bunday yuksak fazilatlari, tabiiyki, o‘zaro munosabatlarga o‘zgacha ruh va sur’at bag‘ishlamoqda.

Yaponiya strategik sherik va hamkorlikdan manfaatdor mamlakat sifatida O‘zbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib keladi. Yaqinda Kunchiqar mamlakat parlamentida, nufuzli oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekiston va Yaponiyaning kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan konferensiya va seminarlar o‘tkazildi. Bunday anjumanlarda Yaponiya parlamentining ikki palatasi va siyosiy partiyalari a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari va qator ilmiy-tadqiqot markazlarining ekspertlari ishtirok etdi. Yaponiya jamoatchiligida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga qiziqishning nechog‘li katta ekanini deputat Kioko Nakayama xonimning quyidagi so‘zlari ham yaqqol ifodalaydi: «Yaponiyaliklar uchun O‘zbekistonda jamoat tashkilotlari va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining shakl-shamoyillarini o‘rganish juda foydali bo‘ldi. O‘ylaymanki, O‘zbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ayniqsa, mahalla institutini rivojlantirish borasidagi tajribasi ko‘pgina davlatlar uchun o‘rnak bo‘la oladi».

Tokioda 2004 yili Alisher Navoiy haykali ochilgani Yaponiyada O‘zbekiston xalqiga hurmat-ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi. Albatta, hazrat Navoiy dahosi butun dunyoda keng e’tirof etiladi. Lekin Yaponiyada bu e’tirof g‘azal mulkining sultoniga Soka universiteti bosh maydonida haykal o‘rnatish va uning boy merosini o‘rganish orqali namoyon bo‘layotgani alohida diqqatga sazovordir. Yaponiya olimlari Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda yoshlarni bunyodkorlik, tinchlikparvarlik, boshqa xalqlar bilan do‘stlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydilar.

O‘zbekiston va Yaponiya akademik doiralarining hamkorligi ham jahon xalqaro munosabatlar tizimida o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ikki mamlakat arxeologlari mamlakatimizda buddaviylik madaniyatining yodgorliklarini tadqiq qilishda ulkan natijalarga erishdilar. Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan bu tadqiqotga ulkan hissa qo‘shgan yaponiyalik arxeolog Kyudzo Kato davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlaridagi ko‘tarinki ruh, o‘zaro hurmat va ishonch, samimiyat nafaqat siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu munosabatlar kelgusida ham shu ruhda, yanada yuksak sur’atlarda rivojlanib boraverishiga shubha yo‘q.

O‘zA

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati