Toshkent - Sharqning oltin darvozasi
07.08.2009

Mamlakatimiz poytaxtining 2200 yillik yubileyi arafasida Rossiyaning “InfoRos” axborot agentligiga qarashli “InfoShOS” saytida e'lon qilingan maqola ana shunday deb nomlangan.

“O‘zbekiston poytaxti - Toshkent o‘zining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda, - deb yozadi axborot-tahliliy portal muxbiri. - Yer yuzida tarixi milloddan avvalgi davrlarga borib taqaladigan qadimiy shaharlar unchalik ko‘p emas. Ularning aksariyati moziy sinovlariga bardosh bera olmagan. Lekin Toshkent tarix sinovlarini mardonovar yengib, hozirgacha gullab-yashnab turibdi”.

“Madaniyatlar muloqoti” rukni ostida nashr etilgan maqolada ajdodlarimiz yashash makonini juda mohirlik bilan tanlashgani ta'kidlanadi.

“Sharq darvozasi”ga aylanish nasib etgan Toshkentga aynan Yaksart (Sirdaryo) bo‘yidagi turli o‘troq va ko‘chmanchi xalqlar madaniy, iqtisodiy va etnik aloqalari tutashgan vohada asos solingani bejiz emas, - deb yoziladi maqolada. - Go‘yoki “jannatning yerdagi parchasi”ni yaratishni niyat qilgandek, shahar asoschilari uni rivojlantirish va obodonlashtirish uchun o‘z mehnati va yaratuvchanlik g‘oyalarini ayashmagan. Avvalboshdanoq poytaxt sifatida bunyod etilgan shaharning nomi asrlar davomida o‘zgarib: Choch, Shosh, Binkat va nihoyat Toshkent ko‘rinishini olgan. Bu nomlar barchasining negizida bir tushuncha - “tosh” yotadi”.

Albatta, shaharning nomini to‘g‘ri ma'noda tushunish kerak emas. U quruvchilikda ishlatiladigan tosh konlariga boy emas. Toshkent Karfagen kabi ohaktosh yoki Armaniston kabi tuf toshi yoinki Toskaniyaning “noni” - marmari bilan mashhur emas. Aksincha, Markaziy Osiyoning cho‘llarida har bir manzilgohning asosi - suvdir. To‘lib oquvchi Yaksart bois bu yerda suv serob bo‘lgan. Shu bilan birga toshkentliklar uchun o‘z makonini kutilmagan mehmonlardan himoya qilish doimo eng muhim vazifa sanalgan. Balki, shaharning o‘zi ham uning nomi kabi mustahkam bo‘lsin deb shaharliklar uni “tosh shahar” deb atagandirlar.

Toshkent taqdirida uning aholisiga xos bo‘lgan dovyuraklik muhim ahamiyat kasb etgan, albatta. Shuning uchun bo‘lsa kerak shahar ta'rifini ko‘p bor eshitgan va uning jannatmakon maskan ekanini yaxshi bilgan Iskandar Maqduniy shahar devorlariga yaqinlashib qolgan bir paytda qo‘shinini nega ortga burgani hozirgacha ma'lum emas. Rivoyatlarda aytilishicha, shahar himoyachilaridan birining o‘qi buyuk sarkardaning dubulg‘asiga tegib, uni jiddiy esankiratib qo‘ygan va yosh Iskandar bu shaharga yaxshisi hujum qilish kerak emasligini anglab yetgan...»

“InfoShOS” muxbirining ta'kidlashicha, qadimiy shaharda amalga oshirilgan keng miqyosli ilmiy izlanishlar 2000 yillar boshlarida O‘zbekiston poytaxtining yoshi 2200 yilni tashkil etishini aniqlash imkonini berdi. O‘zbekistonlik arxeologlarning bu kashfiyoti YUNESKO Bosh konferetsiyasining 34-sessiyasida Toshkentning 2200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi Qarorni qabul qilish uchun asos bo‘ldi. 2008 yilning 2 aprelida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Bugungi Toshkent - ilm-fan va madaniyat markazi. Uni haqli ravishda insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan xalqlar do‘stligi va tinchlik ramzi deb atasa bo‘ladi.

“Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar poytaxt ko‘rinishini butunlay o‘zgartib yubordi, - deb ta'kidlanadi “InfoShOS”da. - Bugun Toshkent nafaqat yirik iqtisodiy, ilmiy va madaniy markaz, balki, avvalo, O‘zbekistonning xalqaro maydonda jadal yuksalib borayotgan nufuzining ramzi hamdir”.

“Bayram arafasida Toshkent bayramona ko‘rinish olmoqda. Mamlakat Prezidentining tashabbusi bilan bunyod etilgan va 2000 yilda tantanali ochilgan “Shahidlar xotirasi” memorial majmuasidagi muzey kengaytirilib “Qatag‘on qurbonlarini yod etish” binosi ochildi, muzey ekspozitsiyasi yangilanib, yanada boyitildi, - deydi nashr. Poytaxt yubileyi oldidan ko‘plab kitob, plakat, bukletlar, shuningdek, Toshkent Ensiklopediyasi nashr etildi. Lekin eng katta sovg‘a - bu poytaxt markazida qad ko‘targan ulug‘vor Forumlar Saroyidir. Bu zamonaviy va muhtasham bino 1-2 sentyabr, ya'ni bayram kunlarida dunyoning turli burchaklaridan O‘zbekiston poytaxtiga tashrif buyurgan mehmonlarga ilk marotaba o‘z eshiklarini ochadi”.

“Jahon” AA

                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati