O`zbekistonga tashriflar
15.02.2017

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2016-yil 6-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.

01.02.2017

O‘zbekiston Prezidenti Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, AQSh yetakchi kompaniyalari vakillari delegatsiyasining tashrifi va hamkorlikda biznes-forum o‘tkazilgani tomonlarning O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro foydali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi va intilishi ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Yigirma yildan ko‘proq vaqt avval tashkil etilgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma dastur hamda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida ishonchli ko‘prikka aylandi.

24.12.2016

O‘zbekiston – Qirg‘iziston: hamkorlikning yangi ufqlari

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev 24-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi.

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaldan yaqin qo‘shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimiz tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, an’ana va urf-odatlari o‘xshash.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy hamkorlik yangicha mazmun kasb etdi. Keyingi paytlarda o‘zaro aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar tashrifi amalga oshirildi. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi Andijon va O‘sh shaharlariga delegatsiyalarning o‘zaro tashrifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

23.12.2016

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh Qozog‘istonning rahbariyati va xalqini tarixiy sana – Qozog‘iston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida qaror topgan va chuqur tarixiy ildizlarga ega ishonchli va samarali munosabatlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi va o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida bugun jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.

16.12.2016

PREZIDENT BUYUK BRITANIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI O‘RINBOSARINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgan qayg‘uli kunlarda O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdarlik bildirgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun Britaniya hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Alan Dunkan Samarqandga tashrifi chog‘ida Buyuk Britaniya rahbariyati nomidan Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani O‘zbekistonda yuksak qadrlanadi.

29.10.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 29-oktabr kuni AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSh Prezidenti Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerriga samimiy minnatdorlik bildirdi. AQSh delegatsiyasi 28-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani Birinchi Prezidentimiz xotirasiga va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.

18.10.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.02.2017
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati